Enter your keyword

Festival haqida

2022 yil Buxro shahrida I Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish

KONSEPSIYASI

Muddati: 2022 yil 21-25 may
Manzil: Buxoro shahri

Tashkilotchilar: Buxoro viloyati hokimligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Turizm va sport vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, «Hunarmand» uyushmasi «O’zbekzargarsanoati» uyushmasi,

Hamkorlar: Tashqi ishlar vazirligi, O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi


Ma’lumot:

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 29 apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ-5098-son farmoniga muvofiq, 2022 yildan boshlab har ikki yilda bir marta may oyida Buxoro shahrida Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini (keyingi o‘rinlarda — festival) hamda festival doirasida ko‘rik-tanlov, taqdimot va ko‘rgazmalar, teatrlashgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, «An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’atini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazish belgilangan.


Festivalning asosiy vazifalari:

  • milliy hunarmandchilikning zardo‘zlik va zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan va soha rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan tajribali, iste’dodli hunarmandlarni aniqlash, ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish, uning noyob va yo‘qolib borayotgan namunalarini saqlash, qayta tiklash;
  • hududlarda zardo‘zlik va zargarlikni jadal rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, yoshlarga o‘rgatish, yangi ish o‘rinlari yaratish;
  • zardo‘zlik va zargarlik namunalarini milliy brend sifatida xalqaro miqyosga olib chiqish, xalqimizning milliy madaniyati an’analarini namoyish etish orqali sayyohlarni jalb qilish, Festivalni jahon miqyosida keng tanitish va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish;
  • zardo‘zlik va zargarlik namunalarining keng taqdimoti, har bir hududning tarixi, hayot tarzi, hunarmandchilik maktabi an’analarini aks ettiruvchi hunarmandlar shaharchalari maketlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, hunarmand-dizaynerlar yaratgan mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish;
  • xalq sayillari, folklor va dorbozlik jamoalari, askiyachi va qiziqchilarning teatrlashgan tomoshalari, san’at vakillarining konsert dasturlarini hamda usta-hunarmandlar tomonidan mahorat darslari, rassomlar xiyoboni, ekskursiya marshrutlarini tashkil etish.

Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita:

Tashkiliy qo‘mitaga:

  • Festivalni yuqori va badiiy saviyada o‘tkazish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, bu borada mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
  • Festival sovrindorlariga topshiriladigan diplom va sertifikatlar namunalarini tayyorlash hamda tasdiqlash;
  • Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etish vazifalari yuklangan.

Festivalni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va asosiy tadbirlar:

  • Milliy hunarmandchilikning zardo‘zlik va zargarlik yo‘nalishi bo‘yicha, shuningdek, zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilayotgan milliy va xorijiy brend mahsulotlari ko‘rik-tanlovi (keyingi o‘rinlarda – Ko‘rik-tanlov);
  • xorijiy va mahalliy zardo‘z va zargar ustalar ishtirokida mahorat darslari;
  • «An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’atini rivojlantirish istiqbollari» mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkaziladi.
  • Alohida tayyorlangan ko‘rgazma zalida zargarlik mahsulotlari ko‘rgazma-savdosi tashkil etiladi.
  • Festivalga uyg‘un holda Toshkent shahrida xorijiy mamlakatlarning zargarlik tarmog‘i vakillari, xorijiy investorlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etgan holda «Uzbek Jewellery Fair» zargarlik sanoatining zamonaviy asbob-uskunalari, texnologiyalari va buyumlarining yillik xalqaro ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi.
  • Festival doirasida Buxoro shahridagi «Labi hovuz» ansambli maydonidan «Ark» qo‘rg‘oni hududigacha bo‘lgan yon-atrofda zardo‘zlik va zargarlik san’atiga oid turli ko‘rgazmalar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, qadimiy zardo‘zlik hamda zargarlik dastgohlari va mahsulotlarini yaratish jarayonlari, hunarmandchilikka oid badiiy, hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi, ularning sotuvi tashkil etiladi.
  • O’zbekiston Respublikasi kinofotofono hujjatlar Markaziy davlat arxivi bilan hamkorlikda zardo‘zlik va zargarlik san’ati tarixiga oid fotoko‘rgazma va hujjatli filmlar namoyishi tashkil etiladi.
  • Festival dasturi ishlab chiqiladi va festival o‘tkazilishidan uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etiladi, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtiriladi.
  • Festival doirasida milliy liboslar ko‘rgazmali chiqishlari, teatrlashtirilgan tomoshalar, askiya va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalarining tomosha dasturlari namoyish etiladi;
  • Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, YENESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya, «Hunarmand» uyushmasi, «O’zbekzargarsanoati» uyushmasi bilan birgalikda 2023 yil yakuniga qadar malakali mutaxassis va xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda:
  • milliy hunarmandchilikning zardo‘zlik va zargarlik yo‘nalishlarini YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga;
  • Buxoro shahrini YENESKOning Ijodkor shaharlar tarmog‘iga kiritish bo‘yicha hujjatlar to‘plami tayyorlanadi va tavsiya etilishi ta’minlanadi.
  • Ko‘rik-tanlovda ishtirok etish uchun quyidagi hujjatlarni taqdim etiladi:
  • nomzodning Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivaliga qatnashish to‘g‘risida Festival Tashkiliy qo‘mitasi nomiga yozgan arizasi;
  • qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik va boshqa buyumlarni ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxslar
  • va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun – Davlat asillik darajasini belgilash palatasining litsenziyasi yoki tasdiqnoma nusxasi;
  • nomzodning 3×4 va 10×15 hajmdagi rangli fotosurati (4 donadan);
  • nomzodning pasport nusxasi;
  • ish va ijodiy faoliyati to‘g‘risida to‘liq yozma ma’lumot;
  • ishlab chiqargan mahsulotlarining 10 donadan kam bo‘lmagan sifatli fotosuratlari.

Mukofotlash tartibi

Festival doirasida o‘tkaziladigan ko‘rik-tanlov g‘oliblari Tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom, qimmatbaho esdalik sovg‘asi va quyidagi miqdorda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

  • “Eng yaxshi zardo‘zlik tashkiloti” – 5 000 AQSh dollari;
  • “Eng yaxshi zargarlik tashkiloti” – 5 000 AQSh dollari;
  • “Eng yaxshi zardo‘z” – 5 000 AQSh dollari;
  • “Eng yaxshi zargar” – 5 000 AQSh dollari;
  • “Eng yaxshi zardo‘zlik maktabi ustasi” – 3 000 AQSh dollari;
  • “Eng yaxshi zargarlik maktabi ustasi” – 3 000 AQSh dollari;
  • “Zardo‘zlik bo‘yicha qadimiy sulola davomchisi” – 3 000 AQSh dollari;
  • “Zargarlik bo‘yicha qadimiy sulola davomchisi” – 3 000 AQSh dollari;
  • “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan zardo‘z” – 3 000 AQSh dollari;
  • “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan zargar” – 3 000 AQSh dollari;
  • “Eng yosh mahoratli zardo‘z” – 3 000 AQSh dollari;
  • “Eng yosh mahoratli zargar” – 3 000 AQSh dollari.


Festival doirasidagi ko‘rik-tanlov hakamlar hay’ati
:

Ko‘rik-tanlov hakamlar hay’ati san’atshunoslar, soha mutaxassislari, olimlar, xalq ustalari, akademiklar hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O’zbekiston Savdo-sanoat palatasi va «Hunarmand» uyushmasi, O’zbekiston Badiiy Akademiyasi mas’ul xodimlaridan iborat 7 kishilik tarkibda shakllantiriladi.

Xalqaro hay’at tomonidan ko‘rik-tanlov ishtirokchilarining mahsulotlari ko‘rgazmasi va mahorat darslari 12 ta nominatsiya (“Eng yaxshi zardo‘zlik korxonasi”, “Eng yaxshi zargarlik korxonasi”, “Eng yaxshi zardo‘z”, “Eng yaxshi zargar”, “Eng yaxshi zardo‘zlik maktabi ustasi”, “Eng yaxshi zargarlik maktabi ustasi”, “Zardo‘zlik bo‘yicha qadimiy sulola davomchisi”, “Zargarlik bo‘yicha qadimiy sulola davomchisi”, “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan zardo‘z”, “Qadimiy an’analarni qayta tiklagan zargar”, “Eng yosh mahoratli zardo‘z”,

“Eng yosh mahoratli zargar”) bo‘yicha baholanadi.

Konferensiya ishtirokchisi

Konferensiya o‘tkaziladigan sanadan uch oy avval Festival veb-sayti orqali Tashkiliy qo‘mitaga quyidagi materiallarni taqdim etadilar:

  • ma’lumotnoma (rezyume);
  • 6×9 o‘lchamdagi rangli fotosurat (3 dona);
  • konferensiya ishtirokchisining hajmi 4-5 betdan va 300 ta so‘zdan kam bo‘lmagan ma’ruzasi matni (o‘zbek, ingliz yoki rus tillarida).


Media tadbirlar:

Festivalni va  o‘tkazish bilan bog‘liq e’lonlar, reklama roliklari doimiy ravishda mahalliy ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etib boriladi. Ko‘rgazma va ko‘rik-tanlovlar o‘tkazilishi jarayonlari va yakuniy natijalar OAVda keng yoritiladi. Markaziy ko‘chalar, jamoat transportlari, bozorlar, aholi gavjum joylarda targ‘ibot banerlari o‘rnatiladi.

Ko‘rgazma va ko‘rik-tanlov g‘oliblarini taqdirlash va tadbirlarini moliyalashtirish:

Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Tashkiliy qo‘mita tomonidan ishlab chiqiladigan va belgilangan tartibda tasdiqlanadigan smeta asosida quyidagi tartibda:

  • Festivalga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Buxoro viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
  • Festivalni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi — Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, 50 foizi — Buxoro viloyati mahalliy budjetining qo‘shimcha manbalari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.